Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi elchixonasi

BMT davlat xizmati forumining O‘zbеkistonda o‘tkazilishi — mamlakat uchun tarixiy voqеlikdir



2025-yilning 23-25-iyun kunlari Samarqand shahrida BMTning Davlat xizmati forumi (UN Public Service Forum 2025) o‘tkaziladi. Ushbu nufuzli xalqaro tadbirning asosiy mavzusi — “2030 yilgacha besh yil: Barqaror kelajak uchun davlat xizmatlarini ko‘rsatishni jadallashtirish”. Forum BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar departamenti (UN DESA) va O‘zbekiston Respublikasi hukumati tomonidan tashkil etilmoqda. Forumning O‘zbekistonda o‘tkazilishi — mamlakat uchun sohadagi islohotlarini namoyish etish va baholash imkonini ham beradi.

BMT Davlat xizmati forumi (UNPSF) — davlat xizmatlarini samarali tashkil etish, innovatsiyalarni joriy etish va barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lida davlatlar, xalqaro tashkilotlar, fuqarolik jamiyati vakillarini birlashtiradigan yirik xalqaro tadbirdir.

O‘zbekistonda 2017 yilda boshlangan tub islohotlar O‘zbekiston davlat xizmati tizimida ham ijobiy o‘zgarishlarga yo‘l ochdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning tashabbusi bilan davlat fuqarolik xukumati transformatsiya qilindi. “Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak”, — degan hayotiy tamoyilidan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi, Xalq qabulxonalari tashkil qilindi. Yangi tuzilma — “mahalla yettiligi” tizimi joriy etildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tashkil etildi (2019-yil 3-oktabrda). O‘zbekiston Respublikasining “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi (2022-yil 8-avgust). Kadr siyosatiga oid 160 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi, davlat xizmatchilari faoliyati samaradorligini baholash tizimi joriy etildi, davlat xizmatidagi vakant lavozimlarni ochiq tanlov orqali egallash tizimi joriy etildi. Shuningdek, yuqori rahbarlik lavozimlariga zaxira tayyorlash amaliyoti qo‘llanila boshlandi. Natijada, davlat va jamiyat o‘rtasidagi munosabatlar yanada demokratlashdi.

O‘zbekiston davlat xizmatida e’tirof etishga loyiq amaliyot qo‘lladi. Ijtimoiy davlat qurish bo‘yicha tashabbuslar ko‘rsatdi. “Inson qadri” markaziy masalasiga aylandi, inson kapitalini rivojlantirish davlatning birlamchi vazifasi sifatida tan olindi. Ushbu maqsadni amalga oshirish mexanizmlaridan biri sifatida “Mahalla yettiligi” unikal tuzilmasi shakllandi. Tuzilma davlat xizmatchilarining xalqqa yaqin bo‘lishi, muammolarini joyida hal etish, ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish maqsadida tashkil etildi. Hozirda “mahalla yettiligi”da qariyb 50 mingga yaqin davlat xizmatchilari faoliyat ko‘rsatayotgani (mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi, ijtimoiy xodim, soliq inspektori, profilaktika inspektori) ham ahamiyatlidir.

Bu, bevosita Prezident Shavkat Mirziyoyevning “yutuqlar daftari”ga bitilgan o‘zgarishlardan biri. Davlat boshqaruvidagi islohotlar bois, barcha davlat idoralari faoliyati mahallagacha tushirildi. Mahalla, o‘z navbatida, boshqaruv piramidasining cho‘qqisiga chiqarildi. Mahalla davlat siyosatining muhim bo‘g‘ini, islohotlar drayveriga aylandi.

Dastlab mahallalarga tushib, muammolar o‘rganildi. Tizimli muammolar aniqlangach, tegishli vazirliklarda bu muammolarni hal qilishga yo‘naltirilgan qarorlar qabul qilindi. Bora-bora mahalla muammolar o‘rganiladigan va aniqlanadigan maskandan muammolar joyida hal qilinadigan, muhim qarorlar qabul qilinadigan maskanga aylandi. Aholi farovonligini ta’minlashda mahalla jamoatchilik va davlat organlari o‘rtasidagi “tayanch ko‘prik” vazifasini o‘tay boshladi. “Ochiq budjet” loyihasinining ishga tushirilishi natijasida mahalla jamoatchilik boshqaruvining muhim bo‘g‘iniga aylandi.

Mahalla mo‘jaz bir hokimiyat modelini o‘zida gavdalantirib, uni menejer-rais rahbarligidagi “yettilik” boshqara boshladi. Institutsional jihatdan takomillashtirilgan mahalla yangi avlod boshqaruv kadrlarini tayyorlashning hayotiy maktabiga aylandi. Mahalla “qozonida qaynagan” kadrlar yuqori va mas’uliyatli lavozimlarga tayinlana boshlandi. Boshqacha aytganda, Prezident mahalladagi yettilik uchun karyera modelini chizib berdi: mahallada ishlab, xalq dardini bilib, uning muammolarini hal qilishga astoydil bel bog‘lagan mahalla menejerlarini yuqori lavozimlarga tayinlash mexanizmi yaratildi. “

Ushbu unikal tuzilmaning afzalliklari nimalarda ko‘rindi? Birinchidan, barcha sohalarni qamrab olgan holda joylardagi muammolarga birgalikda yechim berila boshlandi, har bir tizim vakili o‘z sohasi bo‘yicha natijadorlikni ta’minlashga kirishdi va eng muhimi, xalq va davlat vakillari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot qilish imkoniyati yaratildi.

Fikrimizcha, O‘zbekistonning Forumda ishtiroki va mezbonligi yuqoridagi kabi mamlakatning o‘ziga xos tajribasini namoyon etish, shuningdek, davlat xizmati sohasini modernizatsiya qilish, raqamli transformatsiyani amalga oshirish va xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlikni kuchaytirishda muhim qadam bo‘ladi. Biz, ushbu Forum ishini qo‘llab-quvvatlab, muhim tadbirda ishtirok etishdan mamnun ekanligimizni bildiramiz. Forum ishtirokchilarini tarixiy va navqiron Samarqandda kutamiz!



  ...