
O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasidagi turizm sohasidagi hamkorlik ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, qo‘shni mamlakatlar o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalar tizimida alohida o‘rin tutadi. Geografik yaqinlik, umumiy tarixiy va madaniy ildizlar, shuningdek, Buyuk Ipak yo‘lining boy merosi turizm sohasidagi o‘zaro aloqalarni rivojlantirish va xalqlar o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlash uchun qulay sharoit yaratadi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi turistik almashinuv izchil o‘sib bormoqda. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2018 yilda O‘zbekistonga 2 293 077 nafar Qozog‘iston fuqarosi tashrif buyurgan bo‘lsa, 2019 yilda bu ko‘rsatkich 2 261 094 nafarni tashkil etgan. COVID-19 pandemiyasi tufayli kuzatilgan pasayishga qaramay, keyingi yillarda ko‘rsatkichlar yana o‘sishni boshladi: 2022 yilda 1,55 million, 2023 yilda 1,33 million, 2024 yilga kelib esa Qozog‘istondan kelgan sayyohlar soni 2,88 millionga yetdi. Faqatgina 2025 yilning yanvar–avgust oylarida deyarli 2 million Qozog‘iston fuqarosi O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Bu raqamlar qozog‘istonliklar orasida O‘zbekistonning madaniy-tarixiy merosiga bo‘lgan qiziqish barqaror oshib borayotganini ko‘rsatadi.
Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab yagona turistik marshrutni — Samarqand, Buxoro, Turkiston va Olmaota kabi tarixiy shaharlarni bog‘lovchi yo‘nalishni targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ushbu loyiha Markaziy Osiyo turizm bozorlarini integratsiya qilishning muhim vositalaridan biri sifatida qaraladi.
Mazkur yo‘nalishdagi muhim voqealardan biri — 2024 yil noyabr oyida Olmaota — Turkiston — Toshkent — Olmaota yo‘nalishi bo‘yicha “Jibek Joly” sayyohlik poyezdining yo‘lga qo‘yilganidir. 2025 yil oktabr oyida esa “Jibek Joly-6.0” poyezdi Olmaota – Turkiston – O‘tror – Samarqand – Buxoro – Toshkent – Olmaota yo‘nalishi bo‘yicha o‘z qatnovini qayta tikladi. Ushbu poyezd nafaqat temiryo‘l turizmining rivojlanishiga xizmat qiladi, balki ikki davlatning mustahkam madaniy aloqalarini aks ettirgan holda, Qozog‘iston va O‘zbekistonning yirik madaniy markazlarini o‘zaro bog‘lab turadi.
Ikki mamlakatning turizm kompaniyalari va ommaviy axborot vositalari vakillari o‘rtasidagi muntazam aloqalar ham hamkorlikni mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi. Qozog‘iston vakillari an’anaviy ravishda Toshkent Xalqaro Turizm Yarmarkasida (TITF) ishtirok etadi, o‘zbekistonliklar esa Qozog‘istonning Tourism & Travel (KITF) xalqaro ko‘rgazmasida muntazam qatnashadi. Bunday tadbirlar tajriba almashish, yangi sherikliklar o‘rnatish va qo‘shma loyihalarni ilgari surishga xizmat qiladi.
So‘nggi yillarda axborot-targ‘ibot ishlari ham faollashdi: O‘zbekistonning diqqatga sazovor joylari bo‘yicha tanishtiruv turlari, filmlar va teleko‘rsatuvlar suratga olish, blogerlar hamda jurnalistlar tashriflarini tashkil etish yo‘lga qo‘yildi.
2023–2025 yillar davomida bir qator yuksak darajadagi tashriflar amalga oshirildi, ular davomida investitsiyaviy hamkorlik, madaniy brendlarni ilgari surish va mintaqaning yagona turistik hudud sifatidagi imijini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. 2025 yil sentabr oyida tomonlar 2025–2026 yillar uchun Turizm bo‘yicha qo‘shma Harakatlar rejasining loyihasini ishlab chiqdilar, uni Qozog‘iston rahbariyatining O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida imzolash kutilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi turizm sohasidagi hamkorlik mustahkam huquqiy-shartnomaviy asosda rivojlanib, ijobiy dinamikani namoyon etmoqda. Tomonlar o‘zaro hamkorlik shakllarini faol kengaytirmoqda — tajriba almashishdan tortib xalqaro forumlarda qo‘shma ishtirok va yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirishgacha. Boy tarixiy va madaniy meros, qulay geografik joylashuv va strategik sheriklikni inobatga olgan holda, O‘zbekiston–Qozog‘iston turizm hamkorligi kelgusida yanada kengayishi, shuningdek, ikki qardosh xalq o‘rtasida o‘zaro tushunishni mustahkamlashi shubhasizdir.