Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi elchixonasi

O‘zbekiston korrupsiyaga qarshi keskin va murosasiz kurash ostonasida



2025-yil 26-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan yillik Murojaatnomasida o‘tgan yil yakunlarini sarhisob qilib, respublikaning o‘rta muddatli rivojlanishining ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi.

O‘zbekiston Prezidenti davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli vazifalarni belgilab, hukumatning iqtisodiy bloki oldiga o‘rta muddatli maqsadlarni qo‘ydi hamda ijtimoiy rivojlanishning istiqbolli yo‘nalishlarini ko‘rsatib o‘tdi.

Murojaatnomada korrupsiyaga qarshi kurash masalasi ohangi va qat’iyati bilan alohida ajralib turdi va bu davlat hamda jamiyat uchun o‘ziga xos ogohlantiruvchi signal bo‘ldi. O‘zbekiston rahbari 2026 yilda korrupsiyaga qarshi kurashda “favqulodda holat” e’lon qilinayotganini ta’kidlab, ushbu illat davlat rivojiga to‘sqinlik qilayotgan, adolat va qonun ustuvorligini yemirayotgan hamda jamiyatda ishonch muhitini zaiflashtirayotgan jiddiy tahdid ekanini qayd etdi.

Bayonotlardan qat’iy siyosiy yo‘nalishga o‘tilayotganini Prezidentning korrupsiyaga yo‘l qo‘yish islohotlarga xiyonat ekanligi va mansabi hamda lavozimidan qat’i nazar hech kim nazoratsiz qolmasligi haqidagi so‘zlari yaqqol tasdiqlaydi.

Bu so‘zlar shunchaki niyat bayoni yoki baland minbarlardan yangragan pozitsiya emas, balki aniq amaliy harakatlar bilan mustahkamlangan. Oradan bir necha kun o‘tib, 2025 yil 30 dekabr kuni Prezident korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan farmonni imzoladi. Ushbu hujjat O‘zbekistonning korrupsiyaga qarshi siyosatida tub burilish bo‘ldi.

Farmon korrupsiyaga qarshi kurash tizimini tubdan o‘zgartirib, faqat jazoga asoslangan reaktiv yondashuvdan korrupsiya xatarlarini tizimli boshqarish, yagona boshqaruv va sertifikatlash standartlarini shakllantirish, raqamli platformalar va axborot shaffofligi rolini kuchaytirish, fuqarolik ishtirokini himoya qilish va rag‘batlantirish hamda idoralararo hamkorlikni doimiy asosda yo‘lga qo‘yishga o‘tishni nazarda tutadi.

Bu esa korrupsiyaga qarshi kurash alohida huquqni muhofaza qilish yo‘nalishi emas, balki davlat boshqaruvining ajralmas qismiga aylanayotganini anglatadi.

Yangi farmon boshqaruv va samaradorlikni baholashning zamonaviy vositalarini joriy etadi, rahbarlarning natijalar uchun mas’uliyatini oshiradi, raqamli o‘zaro hamkorlik mexanizmlarini rasmiylashtiradi hamda ushbu illatga qarshi kurashda ijtimoiy rag‘batlantirishni kuchaytiradi.

Shuningdek, hujjatda korrupsiyaga qarshi faoliyatda ishtirok etuvchi barcha tomonlar o‘rtasida klaster modeli asosida yagona hamkorlik mexanizmlarini shakllantirish ko‘zda tutilgan. Uning asosiy maqsadi korrupsiya xatarlarini huquqbuzarlikka aylanishidan avval aniqlash va bartaraf etishdan iborat.

Klaster modeli davlat organlari, ekspertlar hamjamiyati va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi tarmoqlararo hamkorlikni nazarda tutadi. Bu turli institutlar sa’y-harakatlarini birlashtirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lib, korrupsiyaga qarshi kurash faqat bitta idora zimmasiga yuklatiladigan modeldan voz kechib, xatarlarni jamoaviy boshqarish tizimiga yaqinlashishni anglatadi.

Aslida, ushbu yangi hujjat O‘zbekistondagi korrupsiyaga qarshi siyosatning mantiqiy asoslarini tubdan o‘zgartirmoqda.

Bu bejiz emas, chunki korrupsiyaga qarshi kurash O‘zbekiston rahbari kun tartibidagi ustuvor vazifalardan biridir. Shavkat Mirziyoyev 2016 yil dekabr oyida Prezident lavozimiga kirishganidan so‘ng, 2017 yil 4 yanvarda imzolagan dastlabki tizim yaratuvchi hujjatlardan biri “Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida”gi Qonun bo‘lgan edi.

Keyingi yillar ushbu illatga qarshi kurashda institutsional asoslar shakllanishi va mutlaqo yangi bosqich bilan ajralib turdi. Maxsus korrupsiyaga qarshi organ tashkil etildi, davlat xizmatlarini raqamlashtirish faol rivojlantirildi, litsenziyalash va davlat xaridlari sohasida shaffoflik mexanizmlari joriy etildi hamda qonunchilikni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.

2024–2025 yillarda davlat organlarida ichki korrupsiyaga qarshi mexanizmlarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Komplayens-xizmatlar korrupsiya xatarlarini erta aniqlash va rahbarlarning shaxsiy mas’uliyatini oshirish vositasi sifatida qarala boshlandi.

Mazkur yondashuv xalqaro amaliyotga mos bo‘lib, davlat apparatida o‘zini o‘zi tartibga solish mexanizmlarini shakllantirishga bo‘lgan intilishni ko‘rsatadi.

2026 yildan korrupsiyaga qarshi klaster modelining joriy etilishi ushbu yangi yondashuvning institutsional ifodasiga aylandi.

Shu tariqa, O‘zbekiston jazoga asoslangan korrupsiyaga qarshi modeldan tizimli, profilaktik va institutsional yo‘naltirilgan siyosatga izchil o‘tmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasi esa 2030 yilgacha belgilangan strategik maqsadlarga erishish yo‘lida korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash uchun boshlang‘ich nuqta va mafkuraviy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.



  ...