
O‘zbekiston va Pokiston Markaziy va Janubiy Osiyoning yagona geoiqtisodiy makonida joylashgan. Bu haqda Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) bosh ilmiy xodimi Umarbek Nuriddinov 23-yanvar kuni “O‘zbekiston – Pokiston: hududlar o‘rtasidagi aloqalarni yo‘lga qo‘yish va yangi imkoniyatlar yaratish” mavzusidagi davra suhbatida so‘z yuritar ekan, ta’kidladi.
Tadbir Markaziy Osiyo xalqaro instituti hamda Pokistonning Toshkentdagi elchixonasi hamkorligida tashkil etildi. Unda ikki mamlakat davlat organlari, yetakchi tahliliy markazlari, ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalari vakillari ishtirok etdi.
Davra suhbati davomida O‘zbekiston–Pokiston o‘zaro hamkorligining dolzarb masalalari, shuningdek savdo-iqtisodiy, transport, energetika hamda madaniy-gumanitar sohalardagi istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlari muhokamasiga alohida e’tibor qaratildi.
SMTI vakilining ta’kidlashicha, “xalqaro muhit chuqur transformatsiyalar davrini boshdan kechirmoqda. Bu jarayon global noaniqlikning ortishi, ta’minot zanjirlarining parchalanganligi, proteksionizm va sanksiya rejimlarining kuchayishi, shuningdek iqlim va resurslar bilan bog‘liq tahdidlarning kuchayishi bilan tavsiflanib, mutlaqo yangi geoiqtisodiy reallikni shakllantirmoqda”.
Uning fikricha, bunday sharoitda rivojlanayotgan davlatlar uchun raqobatbardoshlikning asosiy omillari iqtisodiy o‘sish sifati, diversifikatsiya, tashqi zarbalarga barqarorlik hamda yangi mintaqaviy va mintaqalararo iqtisodiy konfiguratsiyalarga integratsiyalashish qobiliyatidan iborat bo‘ladi.
Shu nuqtayi nazardan, ekspert yagona mintaqaviy iqtisodiy makonni shakllantirish va o‘zaro manfaatli hamkorlikning barqaror modellarini barpo etish dolzarbligini alohida ta’kidladi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston va Pokiston Markaziy va Janubiy Osiyoning yagona geoiqtisodiy hududida joylashgan bo‘lib, salmoqli iqtisodiy, xomashyo, tranzit va insoniy salohiyatga ega.
Shu bilan birga, Umarbek Nuriddinovning ta’kidlashicha, “har ikki mamlakat xomashyo va yarim tayyor mahsulotlar eksportiga bog‘liqlik, texnologik tafovut, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish zarurati hamda mehnat bozoriga bosimning ortishi kabi o‘xshash tarkibiy muammolarga duch kelmoqda”.
Uning qat’iy ishonchiga ko‘ra, aynan ushbu umumiy chaqiriqlar mavjud geostrategik ustunliklar bilan uyg‘unlashgan holda salohiyatni birlashtirish va iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish zaruratini obyektiv tarzda belgilab bermoqda.
Shu munosabat bilan ekspert hamkorlikning o‘zaro bog‘liq bir qator strategik yo‘nalishlarini ajratib ko‘rsatdi.
Birinchidan, logistika xarajatlari oshib borayotgan va an’anaviy yo‘nalishlar beqarorlashayotgan sharoitda transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlik tashqi iqtisodiy aloqalarni diversifikatsiya qilishning muhim omiliga aylanmoqda. Shu ma’noda, transport-logistika yo‘laklarini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma sa’y-harakatlarni faollashtirish iqtisodiy xavfsizlik va tashqi iqtisodiy barqarorlikning asosiy elementi sifatida e’tirof etildi.
Ikkinchidan, iqtisodiy hamkorlik faqat tovar ayirboshlash hajmini oshirish bilan cheklanib qolmasdan, qo‘shma qo‘shilgan qiymat zanjirlarini shakllantirishga yo‘naltirilishi lozim.
Ustuvor yo‘nalishlar sifatida qishloq xo‘jaligi va agro-sanoat majmuasi, to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoati, tog‘-kon sohasi, qurilish materiallari ishlab chiqarish, farmatsevtika hamda bank-moliya sektori belgilandi. Yuqori qo‘shilgan qiymatga ega qo‘shma sanoat loyihalarini amalga oshirish, agroklasterlar va sanoat parklarini tashkil etish, shuningdek zamonaviy texnologik yechimlarni joriy etish muhimligi ta’kidlandi.
Uchinchidan, texnologiyalar uchun global raqobat sharoitida axborot texnologiyalari sohasidagi hamkorlik strategik ahamiyat kasb etmoqda. Qayd etilishicha, har ikki mamlakatda, avvalo, raqamli ko‘nikmalarni faol o‘zlashtirayotgan yosh aholi hisobiga shakllanayotgan salmoqli inson kapitali mavjud. Shu munosabat bilan dasturiy ta’minot, raqamli platformalar, elektron tijorat va innovatsion xizmatlar sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish maqsadga muvofiq ekani ta’kidlandi.
To‘rtinchidan, O‘zbekiston va Pokistonning demografik tuzilmasi ta’lim, kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirish uchun katta salohiyatni yuzaga chiqaradi. “Strategik istiqbolda bu sanoat va texnologik kooperatsiya uchun barqaror kadrlar bazasini shakllantirishga xizmat qiladi, iqtisodiyotlar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytiradi hamda ularning uzoq muddatli raqobatbardoshligi o‘sishi uchun zamin yaratadi”, — deydi SMTI vakili.
Xulosa qilib, Umarbek Nuriddinov “iqtisodiyot, texnologiyalar va inson kapitali sohalaridagi hamkorlikni chuqurlashtirish O‘zbekiston va Pokistonning uzoq muddatli manfaatlariga mos keladi hamda joriy global kon’yunkturaga uyg‘un” ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday hamkorlik foydalanilmayotgan salohiyatni ochib berish, milliy iqtisodiyotlarning barqarorligini oshirish hamda mintaqaviy muhitda barqarorlik, oldindan bashorat qilinuvchanlik va izchil rivojlanishga bo‘lgan o‘zaro manfaatdorlikni shakllantirishga xizmat qiladi.
“Dunyo” axborot agentligi,
Toshkent shahri