
Davlatimiz rahbari huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (ISRS) direktorining o‘rinbosari Baxtiyor Mustafayev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Shveysariyaga amalga oshirgan ishchi tashrifi hamda Davos shahrida Tinchlik Kengashi Xartiyasini imzolash marosimida ishtiroki yakunlariga izoh berdi:
— 2026 yil yanvar oyida Jahon iqtisodiy forumi yillik yig‘ilishi doirasida Davosda bo‘lib o‘tgan tadbirlarda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ishtiroki mamlakatning xalqaro maydondagi yangi bosqichga o‘tayotganini aks ettirgan muhim voqea bo‘ldi.
Geosiyosiy noaniqlik kuchayib borayotgan bir paytda, O‘zbekiston ichki islohotlarni global kutilmalar bilan uyg‘unlashtirgan yondashuvni namoyon etdi va investitsiyalar hamda xavfsizlik sohasidagi tashabbuslar uchun ishonchli va bashorat qilinadigan hamkor sifatida o‘zini ko‘rsata oldi.
Ishchi tashrifning markaziy voqealaridan biri 2026 yil 22 yanvar kuni Davlat rahbarining Tinchlik Kengashi Xartiyasini tantanali imzolash marosimida ishtirok etishi bo‘ldi. O‘zbekiston Prezidentining AQSh Prezidenti Donald Tramp tomonidan ushbu tuzilmaning asoschi a’zosi sifatida taklif etilishi mamlakatimizga bo‘lgan xalqaro ishonchning yuksak darajasidan dalolat beradi.
O‘zbekistonning Tinchlik Kengashidagi ishtiroki aniq strategik omillarga asoslanadi.
Birinchidan, bu O‘zbekiston so‘nggi yillarda izchil olib borayotgan ochiqlik va ko‘p yo‘nalishli muloqot strategiyasining mantiqiy davomi hisoblanadi. Toshkent BMT, Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT), Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH), Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT), Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) hamda BRICS+ doirasidagi mintaqaviy va xalqaro formatlarda faol ishtirok etib, barcha yirik global platformalardagi o‘z mavqeini mustahkamlab bormoqda.
AQSh Prezidenti Donald Trampning G20 sammitida ishtirok etishga taklif etilishi O‘zbekistonning global boshqaruv tizimidagi mas’uliyatli hamkor sifatida tobora e’tirof etilayotganini ko‘rsatadi. Tinchlik Kengashiga qo‘shilish ushbu yo‘nalishning mantiqiy davomi bo‘lib, O‘zbekistonning yetakchi davlatlar bilan teng asosda muloqot olib borish va xalqaro hamkorlikning yangi mexanizmlarini shakllantirishga konstruktiv hissa qo‘sha olish salohiyatini yana bir bor tasdiqlaydi.
Ikkinchidan, O‘zbekistonning Tinchlik Kengashidagi ishtiroki Falastin masalasida mamlakatimizning qat’iy va prinsipial pozitsiyasini yaqqol namoyon etadi. Bu borada Toshkent insonparvarlik tamoyillarini amaliy harakatlar bilan uyg‘unlashtirmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2023 yil noyabr oyida o‘t ochishni to‘xtatishga doir ochiq chaqiruvidan so‘ng, O‘zbekiston so‘zdan amaliy ishga o‘tdi: UNRWA orqali 1,5 million AQSh dollari miqdorida yordam ajratildi, 2024 yil dekabr oyida esa Rafahdan 100 nafar jarohatlangan falastinlik ayollar va bolalar gumanitar evakuatsiya qilindi.
“Mehr” dasturining muvaffaqiyatli tajribasiga tayangan holda, Toshkent ularning tibbiy davolanishi va ijtimoiy reabilitatsiyasi uchun kompleks sharoitlar yaratdi va xalqaro hamjamiyatga amaliy insonparvarlikning real ishlaydigan modelini taqdim etdi. Deklaratsiyalardan tashqariga chiqib, inson hayoti uchun haqiqiy mas’uliyatni nazarda tutuvchi ushbu davlat siyosati Tinchlik Kengashini shakllantirishda ishonchning muhim omiliga aylandi.
Uchinchidan, Davos maydoni O‘zbekistonning iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyatini global raqobatbardoshlikning yanada yuqori bosqichiga olib chiqishda katalizator bo‘lib xizmat qildi. So‘nggi o‘n yil ichida mamlakat barqaror iqtisodiy o‘sishni namoyish etdi: yalpi ichki mahsulot hajmi 145 milliard AQSh dollarigacha oshib, ikki barobardan ziyod ko‘paydi, 2025 yilda iqtisodiy o‘sish 7,7 foizni tashkil etdi, oltin-valyuta zaxiralari esa ilk bor 60 milliard AQSh dollaridan oshdi.
Iqtisodiyotning tarkibiy transformatsiyasi YaIMning 80 foizdan ortig‘i qayta ishlash sanoati hissasiga to‘g‘ri kelayotgani bilan ifodalanmoqda. Eksport hajmi tarixiy maksimumga — 33,4 milliard AQSh dollariga yetib, 24 foizga oshdi. Ijtimoiy natijalar ham e’tiborga molik bo‘lib, kambag‘allik darajasi 2017 yildagi 35 foizdan 2025 yilda 5,8 foizgacha kamaydi va bu inklyuziv iqtisodiy rivojlanishga xizmat qildi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Prezidenti bilan dunyodagi eng yirik aktivlar boshqaruvchisi — BlackRock rahbariyati o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralar uzoq muddatli va barqaror investitsiyalarni jalb etish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi. Kapitalda ishtirok etish va qo‘shma investitsiya mexanizmlarini yaratish masalalarining muhokama qilinishi O‘zbekistonning global investitsiya jarayonlariga tobora chuqurroq integratsiyalashayotganidan dalolat beradi. Bu ishonch Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) faoliyatida ham o‘z aksini topib, bankning O‘zbekistonga yo‘naltirgan investitsiyalari qariyb 7 milliard AQSh dollariga yetdi va mamlakat mintaqadagi asosiy hamkorlardan biriga aylandi.
To‘rtinchidan, global tartibning parchalanishi va mintaqaviy keskinliklar kuchayib borayotgan bir sharoitda, O‘zbekiston va Markaziy Osiyo manfaatlarining shakllanayotgan xavfsizlik arxitekturalarida yetarli darajada inobatga olinishi nihoyatda muhimdir. Tinchlik Kengashidagi ishtirok zamonaviy tahdid va chaqiriqlarning o‘zaro bog‘liqligini anglashga asoslangan preventiv diplomatiya vositasi bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zbekiston o‘z xavfsizligi va butun mintaqa barqarorligi uchun ilk himoya chizig‘ini shakllantirib, milliy va Markaziy Osiyo manfaatlarining global qarorlar qabul qilish jarayonlarida chetda qolmasligini ta’minlamoqda.
Xulosa qilib aytganda, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Shveysariyaga tashrifi mamlakat taraqqiyoti uchun yangi strategik yo‘nalishni belgilab berganini ishonch bilan ta’kidlash mumkin.
Tinchlik Kengashi doirasidagi institutsional mustahkamlanish, xalqaro miqyosda e’tirof etilgan makroiqtisodiy yutuqlar, izchil insonparvarlik pozitsiyasi hamda mintaqaviy manfaatlarni global darajada faol ilgari surish O‘zbekistonni zamonaviy dunyoda muvaffaqiyatli modernizatsiya namunasi sifatida namoyon etmoqda. Bu — nafaqat xalqaro tizimdagi o‘zgarishlarga moslashayotgan, balki XXI asr global kun tartibini shakllantirishda faol ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritayotgan davlatdir.
Dunyo IA