Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi elchixonasi

Azizbek Urunov: O‘zbekiston JST bitimlariga muvofiq iqtisodiyotning ayrim tarmoqlarini himoya qilish huquqini saqlab qoladi



Bugun jurnalistlar bilan uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston Prezidentining Jahon savdo tashkiloti (JST) masalalari bo‘yicha maxsus vakili Azizbek Urunov “Dunyo” axborot agentligi muxbiri savollariga javob berdi:

– JSTga a’zolik “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi bilan qanchalik uyg‘un?
– Bu strategiya bilan to‘liq uyg‘un. O‘zbekistonning JSTga qo‘shilish jarayoni amalda 2017 yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida boshlangan keng ko‘lamli islohotlarning dastlabki davridayoq yo‘lga qo‘yilgan. Ilk yillarda asosiy e’tibor shoshilinch va tizimli iqtisodiy islohotlarga qaratildi.

Ular qatoriga valyuta siyosatini liberallashtirish, tashqi savdo siyosatini tubdan qayta ko‘rib chiqish, import bojlarini sezilarli darajada qisqartirish va soddalashtirish kiradi. Bu choralar iqtisodiyotda va ichki bozorda raqobatni kuchaytirishga xizmat qildi.

JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralarning faol bosqichi 2020 yilda boshlandi. Ungacha uch-to‘rt yil davomida mamlakat iqtisodiyoti va normativ-huquqiy bazasi JST talablariga moslashtirish maqsadida izchil tayyorlandi. Ko‘p beriladigan savollardan biri — nega jarayon uzoq davom etdi, axir O‘zbekiston 1994 yildayoq ariza topshirgan edi? Sababi shundaki, 2020 yilgacha iqtisodiyot va uni tartibga solish mexanizmlari obyektiv ravishda JST standartlariga mos kelmas edi.

2016 yilgacha tashqi savdo qat’iy tartibga solingan. Masalan, ayniqsa qishloq xo‘jaligi sohasida eksport qilish huquqiga ega bo‘lgan korxonalar ro‘yxati cheklangan edi. Tashqi iqtisodiy faoliyatning asosiy ishtirokchilari davlat tuzilmalari va tarmoq vazirliklariga qarashli tashqi savdo kompaniyalari bo‘lgan.

Holbuki, JST tamoyillari barcha bozor ishtirokchilari uchun teng sharoitlar va tashqi savdoga diskriminatsiyasiz kirishni nazarda tutadi. Shu sababli islohotlar doirasida tashqi savdo siyosati to‘liq qayta ko‘rib chiqildi va liberallashtirildi. Bugungi kunda har qanday korxona tashqi iqtisodiy faoliyat bilan shug‘ullanish huquqiga ega.

Bu faqat valyuta konvertatsiyasi masalasi emas, balki butun tashqi savdoni tartibga solish tizimini tubdan isloh qilish, jumladan, davlat korxonalarining eksklyuziv huquqlarini bekor qilish va raqobat muhitini yaratishdan iborat bo‘ldi.

JSTga a’zo bo‘lish jarayoni Prezidentning shaxsiy nazoratida ekanligi sir emas. So‘nggi ikki-uch yil ichida sifat jihatidan katta burilish yuz berdi va bugun O‘zbekiston muzokaralarning yakuniy bosqichiga yetib keldi.

– O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lish orqali qanday uzoq muddatli milliy manfaatlarini himoya qilmoqchi?
– Rivojlanayotgan mamlakat sifatida O‘zbekiston JST bitimlariga muvofiq ayrim holatlarda iqtisodiyotning ma’lum tarmoqlarini himoya qilish huquqini saqlab qoladi. Shu bilan birga, JSTning asosiy maqsadlari aholi farovonligini oshirish, ish o‘rinlari yaratish va a’zo mamlakatlarning barqaror iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashdan iborat ekanini unutmaslik kerak.

Strategik nuqtayi nazardan, JSTga a’zolik O‘zbekiston uchun ikki asosiy vazifaga xizmat qiladi.

Birinchisi — eksport. Faol eksport siyosatisiz va global qo‘shilgan qiymat zanjirlariga integratsiyalashmasdan turib, uzoq muddatli va barqaror iqtisodiy o‘sishga erishish deyarli imkonsiz. Faqat ichki bozorga tayanish cheklangan imkoniyatlarga ega. Bozor to‘yingan sari o‘sish salohiyati kamayadi va rivojlanish faqat tashqi bozorlarga chiqish orqali davom etadi.

Ikkinchi vazifa — investitsiyalar, avvalo sifatli investitsiyalar. Gap nafaqat kapital jalb etish, balki uning texnologik, institutsional va boshqaruv qiymatini ta’minlash haqida bormoqda. JSTga a’zolik mamlakat iqtisodiyoti shaffof, bashorat qilinadigan va investorlar uchun qulay qoidalar asosida faoliyat yuritayotganini ko‘rsatuvchi xalqaro signal bo‘lib xizmat qiladi.

Bu sanoat va xizmatlar sohasini rivojlantirish uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratadi. Bugungi kunda O‘zbekiston YaIMining qariyb yarmi xizmatlar sohasi hissasiga to‘g‘ri keladi, bu esa uning ulkan o‘sish salohiyatini ko‘rsatadi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonning geografik joylashuvi ham katta imkoniyatlar yaratadi. Mamlakat Xitoy, Yevropa Ittifoqi, Yaqin Sharq va Hindiston kabi jadal rivojlanayotgan bozorlarga yaqin joylashgan. Saudiya Arabistoni, BAA, Qatar, Quvayt va boshqa davlatlarning faol iqtisodiy rivojlanishi qishloq xo‘jaligi va sanoat mahsulotlari hamda xizmatlarga barqaror talabni shakllantirmoqda. Bu O‘zbekistonni global qiymat zanjirlariga integratsiya qilish uchun qulay sharoit yaratadi.

– Bugunoq JSTga a’zolik doirasida bojxona tariflari bekor qilinishidan o‘zbek biznesi oladigan umumiy foydani moliyaviy jihatdan taxminiy baholash mumkinmi?
– O‘n yil avval O‘zbekiston YaIMi taxminan 50 milliard AQSh dollarini tashkil etgan. 2025 yil yakuniga kelib esa u qariyb 147 milliard dollarga yetdi.

Ilgari, masalan, 5 milliard dollarlik o‘sish YaIMning qariyb 10 foizini tashkil etsa, bugun bu atigi 3 foiz atrofida. Shu bois mutlaq raqamlardan ko‘ra, iqtisodiy o‘sishga beriladigan qo‘shimcha turtki haqida gapirish muhimroq.

Jahon banki baholariga ko‘ra, JSTga a’zolik keyingi 5–7 yil ichida YaIMning qo‘shimcha qariyb 17 foizga o‘sishini ta’minlashi mumkin. Uzoq muddatda esa xalqaro tadqiqotlar JSTga a’zo rivojlanayotgan mamlakatlar a’zo bo‘lmagan davlatlarga nisbatan yiliga o‘rtacha 1–1,5 foizga yuqori iqtisodiy o‘sishga erishishini ko‘rsatadi.

Yiliga hatto 1 foizlik qo‘shimcha o‘sish ham 5, 10 yoki 15 yil davomida jamlanib, mamlakat iqtisodiyotini sezilarli darajada o‘zgartirishi mumkin.

– JST qoidalarining qaysi aniq vositalari va huquqiy mexanizmlari O‘zbekiston va uning biznesi manfaatlarini himoya qiladi?
– Eng avvalo, bu eksport manfaatlarini himoya qilishga taalluqlidir. Bugun ko‘pincha hamkorlarimiz xomashyo sotib olishga tayyor bo‘lsa-da, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega qayta ishlangan mahsulotlarimiz eksportiga salbiy munosabat bildirayotgan holatlar uchraydi. Bunday vaziyatlarda eksportimizni cheklashga qaratilgan diskriminatsion choralar qo‘llanishi mumkin.

JSTga a’zolik O‘zbekistonga bunday harakatlarni Jenevada JSTning nizolarni hal etish mexanizmlari orqali hamda ikki tomonlama asosda, JSTning umumiy tamoyillariga tayangan holda e’tiroz bildirish imkonini beradi. Bu bir tomonlama va asossiz savdo cheklovlaridan himoya qiladi.

Ichki bozorda esa asosiy vositalar savdo himoya choralaridir — antidemping, kompensatsion va himoya choralari. Hozirda O‘zbekistonda ushbu mexanizmlarni tartibga soluvchi qonun loyihalari ishlab chiqilmoqda.

JST rivojlanayotgan mamlakatlarga himoya choralarini qo‘llash uchun uzoqroq muddat beradi: 8 yilgacha, alohida shartlarda esa 10 yilgacha. Bu vositalar import bosimi ostida qolgan tarmoqlarni, jiddiy iqtisodiy zarar mavjudligi isbotlanganda, vaqtincha himoya qilish imkonini beradi.

Ayniqsa antidemping choralar muhim ahamiyatga ega. Demping odatda raqobatchilarni bozordan siqib chiqarish va keyinchalik monopol narxlarni o‘rnatish uchun qo‘llaniladi. JST qoidalari bunday amaliyotlarga samarali qarshi turish imkonini beradi.

Qonunchilikni rivojlantirish bilan bir qatorda, O‘zbekiston xalqaro ekspertlar ko‘magida milliy mutaxassislarni tayyorlamoqda. Ularning vazifasi — ushbu mexanizmlarni amalda malakali va professional tarzda qo‘llash, adolatli raqobatni ta’minlash va milliy biznes manfaatlarini himoya qilishdan iborat.

“Dunyo” IA
Toshkent



  ...