Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi elchixonasi

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi: eng ustuvor yo‘nalishlarni belgilab, barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlaydi



2023-yil 11-sentabrda qabul qilingan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining ustuvor yo‘nalishlari etib barqaror iqtisodiy o‘sish, ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoyaning yangi tizimini yaratish, qulay ekologik sharoitlarni shakllantirish, adolatli va zamonaviy davlat barpo etish, mamlakat suvereniteti va xavfsizligini kafolatli ta’minlash belgilangan edi. Ushbu islohotlarning barchasini birlashtiruvchi asosiy maqsad — xalq farovonligini oshirish, uning davlatga va ertangi kunga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashdir.

Umuman olganda, strategiyaning yangilanishi — bu maqsadlardan o‘lchanadigan natijalar orqali boshqarishga o‘tish bo‘lib, bunda har bir vazifa ijrochilar va moliyalashtirish manbalariga biriktirilgan.

Strategiyani amalga oshirish davrida qanday o‘zgarishlarga erishildi?

Strategiya ijrosining natijadorligi ham statistik ko‘rsatkichlarda, ham hayot sifati va aholining iste’mol faolligidagi o‘zgarishlarda o‘z aksini topmoqda. 2023–2025-yillarda YAIMning nominal hajmi 107,5 mlrd dollardan 140 mlrd dollargacha oshdi, eksport hajmi va xorijiy investitsiyalar oqimi o‘sib bormoqda, innovatsion faoliyat rivojlanmoqda.

Islohotlarning yakuniy ko‘rsatkichlari sifatida ishsizlik darajasi 6,8 foizdan 4,9 foizgacha, kambag‘allik darajasi esa 11 foizdan 6,8 foizgacha qisqarganini ko‘rish mumkin.

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasini yangilashga nima sabab bo‘ldi?

Mamlakatni yanada rivojlantirishni jadallashtirish vazifalari strategiya va uning maqsadli indikatorlarini yangilashni taqozo etdi. Strategiya tashqi va ichki omillarni hisobga olgan holda qayta ko‘rib chiqildi.

Tashqi omillar: dunyodagi geosiyosiy vaziyat, global iqtisodiy tendensiyalar, texnologik innovatsiyalar, tabiiy-ekologik o‘zgarishlar hamda energiya va suv resurslariga bo‘lgan talabning ortishi.

Ichki omillar: demografik o‘sish, urbanizatsiya va migratsiya jarayonlari bo‘lib, bu institutlar sifatini mustahkamlash va boshqaruv samaradorligini oshirishni talab qiladi.

Shu munosabat bilan mamlakatda 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi loyihasi ishlab chiqildi va umumxalq muhokamasiga qo‘yildi. Yangilangan strategiyada beshta ustuvor yo‘nalish va 100 ta maqsad saqlangan holda ayrim vazifalar va samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) o‘zgardi. Amaldagi ko‘rsatkichlarning aksariyati allaqachon bajarilgan bo‘lsa, yangi vazifalar paydo bo‘lishi sababli samaradorlik ko‘rsatkichlari ro‘yxati kengaytirildi va yangilandi.

Shuningdek, hujjatda har bir maqsadga erishish uchun mas’ul vazirlik va idoralar hamda aniq moliyalashtirish manbalari ko‘rsatilgan.

Islohotlar qaysi sohalarda “o‘zgarishlar mexanizmi”ni ta’minlamoqda?

Iqtisodiyot. Eng ko‘p vazifalar va KPI ko‘rsatkichlari “II. Barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlash” yo‘nalishida jamlangan. 2030-yilga borib YAIM hajmini 240 mlrd dollarga yetkazish ko‘zda tutilgan. Bunga yillik inflyatsiyani 5–6 foiz doirasida ushlab turish, fiskal barqarorlik, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish, mahalliy xomashyodan samarali foydalanish hamda yuqori texnologiyalarga asoslangan sanoat va xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish orqali erishiladi.

Ta’lim. “I. Har bir insonning salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun munosib sharoitlar yaratish” bo‘limida 2030-yilga borib maktab va litsey bitiruvchilarining 50 foizini oliy ta’lim bilan qamrab olish hamda ularni munosib ish haqi to‘lanadigan sohalarga joylashtirish maqsadi qo‘yilgan. 10 ta oliy ta’lim muassasasini dunyoning nufuzli (QS, THE, ARWU) TOP-1000 reytingiga kiritish yoshlarimizning nafaqat ichki, balki tashqi mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini oshiradi.

Sog‘liqni saqlash. Kelgusi 5 yilda aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligini oshirish, yurak-qon tomir, saraton va nafas olish kasalliklaridan erta o‘lim holatlarini (30–69 yosh) kamaytirish ko‘zda tutilgan. Onalik va bolalikni muhofaza qilish sohasida 9 ta samaradorlik ko‘rsatkichi belgilangan. Shuningdek, aholi o‘rtasida to‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, semizlik darajasini kamaytirish strategiyaning kun tartibidan o‘rin olgan.

Ijtimoiy himoya. Ehtiyojmand qatlamlar uchun professional ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimi tubdan takomillashtiriladi. Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay va to‘siqsiz muhit yaratiladi. Ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar uchun 100 foiz muqobil (oilaviy turdagi) g‘amxo‘rlik tizimi joriy etiladi.

Har bir ustuvor yo‘nalish bo‘yicha maqsadlarga erishish mexanizmlari

Maqsadlarga erishish mexanizmlari strategik hujjatlarda aks etgan. Jumladan:
– “Suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish” yo‘nalishi uchun Milliy iqlim strategiyasi ishlab chiqildi.
– Iqtisodiyotning drayver sohalarini rivojlantirish uchun sanoat, avtomobilsozlik, yengil sanoat, turizm va qurilish sohalarini rivojlantirish bo‘yicha tarmoq strategiyalari tayyorlandi.

Ushbu hujjatlarni ishlab chiqishda respublikaning “aql markazlari” (Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi va boshqalar) ishtirok etgani O‘zbekistonda qarorlar qabul qilish ilmiy ma’lumotlar va prognozlarga tayangan holda (evidence-based policy) amalga oshirilayotganidan dalolat beradi.

2030-yilga borib kutilayotgan asosiy natijalar (makronatijalar)

Iqtisodiyot: YAIM 240 mlrd dollarga yetishi, mamlakatning mintaqaviy “IT-HUB”ga aylanishi, dunyoning innovatsion yetakchi 60 ta davlati qatoriga kirishi. Mutlaq kambag‘allikning tugatilishi (minimal iste’mol xarajatlari asosida) va uning darajasini 0 foizga tushirish.

Ijtimoiy soha: o‘rtacha umr ko‘rish 78 yoshga yetishi, bog‘cha qamrovi 80 foiz, oliy ta’lim qamrovi 50 foiz bo‘lishi.

Ekologiya: “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish, “yashil energiya” texnologiyalarini joriy etish va suvni tejaydigan texnologiyalarni rivojlantirish.

D. Karimova,
O‘zbekiston Respublikasi
Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti
iqtisodiyot fanlari doktori, professor



  ...