Bugungi kunda ko‘plab davlatlar atrof-muhit muhofazasini iqtisodiyot uchun yuk emas, balki barqaror ekologik rivojlanishning harakatlantiruvchi kuchi deb hisoblaydigan an’anaviy modeldan voz kechib, o‘z siyosatini tubdan qayta ko‘rib chiqmoqda – bu yashil alternativaga o‘tishni anglatadi.
Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, har yili atmosfera havosiga 34 milliard tonna karbonat angidrid gazi chiqariladi, issiqxona gazlari chiqindilari esa umumiy hisobda 41 milliard tonnani tashkil qiladi. Bu ko‘rsatkichlar o‘tgan asrning 50-yillariga nisbatan 3,8 baravarga oshgan. Bundan tashqari, uglevodorodli energiya manbalari cheklangan va kamayib borayotganligi alternativ energiya sohasini rivojlantirish bo‘yicha choralar ko‘rishni dolzarb va kechiktirib bo‘lmaydigan masalaga aylantirmoqda.
Shu nuqtai nazardan, butun dunyoda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini (QTEM) keng joriy etish jadal sur’atlarda rivojlanmoqda. 2022-yilda QTEMdan foydalanuvchi qurilmalarning umumiy o‘rnatilgan quvvati 3372 gigavattni tashkil qilgan bo‘lsa, 2023-yilda bu raqam 3700 GVtga yetgan. Xususan, gidroelektrostansiyalar quvvati 21 GVtga, shamol energiyasi – 75 GVtga, quyosh energiyasi – 191 GVtga, bioenergetika – 7,6 GVtga, geotermal energiya – 181 MVtga oshgan.
2024-yil oxiriga kelib, butun dunyo bo‘yicha QTEMdan foydalanadigan qurilmalarning umumiy quvvati 4600 GVtga yetgan. O‘tgan yili Xitoy bu yo‘nalishda rekord ko‘rsatkichlarga erishdi: quyosh energetikasi quvvatini 18 foizga, shamol energetikasini esa 45 foizga oshirdi.
Bugungi kunda energiyaga bo‘lgan talab ortib borayotganligi sababli, AQSh, Yaponiya, Xitoy, Buyuk Britaniya va qator Yevropa davlatlarida energiya tanqisligi yuzaga kelmoqda.
O‘zbekiston yiliga 81 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Aholi sonining har yili 700–800 ming kishiga ortishi va iqtisodiyotning o‘rtacha 5–6 foizga o‘sishini hisobga olsak, energiya resurslariga bo‘lgan talab ham shunga mutanosib ravishda oshib bormoqda. Hisob-kitoblarimizga ko‘ra, 2030-yilga borib bu talab yiliga kamida 125–130 milliard kilovatt-soatni tashkil etadi.
Shu sharoitda O‘zbekistonda izchil va bosqichma-bosqich olib borilayotgan davlat va jamoat boshqaruvi sohasidagi islohotlar doirasida yashil iqtisodiyotga tezkor o‘tish va Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) samarali erishish bo‘yicha maqsadlar belgilangan.
Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish O‘zbekiston energetika sohasida muhim rol o‘ynaydi. Zero, mamlakatimiz ulkan tabiiy resurslar salohiyatiga ega. Shu sababli respublikada QTEMni joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Muqobil energiya sohasi bo‘yicha huquqiy baza yaratildi. 2019-yilda “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risida”gi qonun, shuningdek, Prezident tomonidan muhim va konseptual farmon hamda qarorlar qabul qilindi.
Natijada, tizimli faoliyat natijasida 2024-yilga kelib respublikada QTEMning umumiy quvvati 4500 MVtga yetdi, ularga to‘g‘ri keladigan ulush esa umumiy energetika sohasining 16 foizini tashkil etdi. Faqat o‘tgan yili qayta tiklanuvchi manbalar hisobiga deyarli 1 milliard kub metr tabiiy gaz tejaldi va atmosferaga 1,4 million tonna issiqxona gazlarining chiqarilishi oldi olindi.
“Uzbekistan – 2030” strategiyasiga muvofiq, mamlakatimiz 2030-yilga borib elektr energiyasi ishlab chiqarishning 40 foizini QTEM hisobidan amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Shu bilan birga, energetik xavfsizlikni ta’minlash uchun quyidagi choralarni amalga oshirish zarur:
energetika sektorini yanada diversifikatsiya qilish;
ilg‘or, samarali va ekologik toza vodorod yoqilg‘isidan keng foydalanishni o‘z ichiga olgan muqobil energetikaning yangi turlarini joriy etish (vodorodning afzalligi shundaki, uni yoqishda ekologik toza suv bug‘i hosil bo‘ladi va energiya zahirasi organik yoqilg‘ilarga nisbatan yuqori: 1 tonna vodorodni yoqish 3,5 tonna organik yoqilg‘ini yoqish bilan teng);
ayrim obyektlarni mustaqil (mahalliy) elektr ta’minoti tizimiga o‘tkazish (uzoq masofalarga elektr energiyasini yetkazishda o‘rtacha 18 foiz yo‘qotish yuz beradi);
quyosh panellari va shamol generatorlarini mahalliy ishlab chiqarishni kengaytirish;
QTEMdan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini jadallashtirish;
xonalarni isitish va issiq suv olish uchun quyosh kollektorlari (bizning iqlimimizga mos vakuum kollektorlar) keng o‘rnatilishini tashkil etish;
yuqori energiya sarflovchi texnologiyalarni inventarizatsiya qilish (mamlakatimizda bir dona mahsulot ishlab chiqarish uchun rivojlangan davlatlarga nisbatan 2-3 baravar ko‘proq energiya sarflanadi);
chiqindilardan olinadigan poligon gazidan foydalanish texnologiyalarining samaradorligini oshirish;
aholida elektr va issiqlik energiyasidan oqilona foydalanish madaniyatini shakllantirish.
Aholi energiya sohasidagi islohotlar natijasiga ishonishi muhim. Shu bilan birga, jamiyat va davlatda cheklangan tabiiy resurslarni tejash va oqilona foydalanishga nisbatan mas’uliyatli munosabatni shakllantirish zarur.
Bir oddiy haqiqatni unutmaslik kerak: bekorga sarflangan energiya – boshqa joyda tanqislik tug‘diradi.
Boriy Alixonov,
Narimon Umarov,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari