So‘nggi o‘n yilliklarda madaniy diplomatiya ko‘plab davlatlar, jumladan O‘zbekiston uchun ham tashqi siyosatning muhim unsurlaridan biriga aylandi. Ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijasida xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlik kengaymoqda, xalqaro tashkilotlar va diplomatik vakolatxonalar bilan samimiy va hurmatga asoslangan aloqalar yo‘lga qo‘yilmoqda, birgalikdagi ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimli ravishda olib borilmoqda.
Yurtimiz qadimiy tarix, boy madaniyat, ko‘p asrlik an’analar va urf-odatlarga ega. Tashqi siyosatda ushbu madaniy salohiyatdan foydalanish respublikaning ijobiy imijini yaratish, xalqaro maydondagi nufuzini oshirishga xizmat qilmoqda, shu bilan birga ichki va tashqi siyosiy masalalarni hal qilishda ham muhim vositaga aylanmoqda. Aynan shuning uchun O‘zbekiston tashqi siyosatda o‘zaro hurmat, qadriyatlar, san’at va an’analar almashinuvi asosida qurilgan madaniy diplomatiyani faol qo‘llamoqda. Xalqaro munosabatlar sohasidagi mutaxassislar madaniy diplomatiyani xalqlar o‘rtasidagi uzoq muddatli aloqalarni shakllantirish va mamlakat imijini dunyoda mustahkamlovchi strategik vosita sifatida baholaydilar.
Madaniy diplomatiyani ilgari surishda xalqaro tashkilotlarning o‘rni beqiyos. Masalan, 21-may kuni Budapeshtda (Vengriya) Turk davlatlari tashkiloti (TDT) norasmiy sammiti bo‘lib o‘tdi. Uning kun tartibida turkiy xalqlarning bebaho madaniy-tarixiy merosini targ‘ib qilish va bu yo‘nalishdagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston 2019-yilda TDTga a’zo bo‘lganidan beri faqat siyosiy va iqtisodiy hamkorlik emas, balki madaniy-gumanitar sohalarda ham doimiy tashabbus bilan chiqib kelmoqda. Muhim vazifalardan biri – turkiy merosni saqlash va targ‘ib qilish, turkiy tillarni rivojlantirish, madaniy almashinuvlar va qo‘shma tadbirlarni qo‘llab-quvvatlashdan iborat.
Ta’kidlash joizki, TDTning shakllanishi va rivojlanishi til va din, tarixiy va madaniy aloqalarning umumiyligiga asoslangan bo‘lib, bu tashkilotga a’zo davlatlarning xalqaro maydondagi ovozini kuchaytiradi va xalq qadriyatlarini targ‘ib qilishga xizmat qiladi. Tashkilotning ustuvor vazifalari orasida ishonch va do‘stlikni mustahkamlash bilan birga, fan, ta’lim, madaniyat va turizm sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish ham bor.
TDT doirasida oltita tashkilot faoliyat yuritadi, ulardan ikkitasi madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish uchun platforma vazifasini bajaradi. Ulardan biri – Turkiy madaniyat xalqaro tashkiloti (TURKSOY) bo‘lib, 1993-yil 12-iyulda Anqarada (Turkiya) tashkil etilgan. Tashkilot ilmiy-ma’rifiy yo‘nalishda faoliyat yuritadi va turkiy xalqlar madaniyatini ko‘plab xalqaro loyihalar orqali targ‘ib qiladi. TURKSOY har yili turkiy madaniyatga ulkan hissa qo‘shgan shaxs xotirasiga bag‘ishlab faoliyat olib boradi. Tashkilot tashabbuslari orasida turkiy dunyoning madaniy poytaxtini e’lon qilish an’anasi mavjud. Shu paytgacha ushbu sharafli unvon yurtimiz gavhari – Xivaga ham berilgan.
Yana bir muhim tashkilot – Boku (Ozarbayjon) shahrida joylashgan Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi bo‘lib, 2012-yil avgustda Ozarbayjon tashabbusi bilan tashkil etilgan. Jamg‘arma turkiy xalqlar madaniyati va tarixiy merosini tiklash, rivojlantirish va targ‘ib qilishga qaratilgan loyihalarni amalga oshiradi.
TURKSOY, TURKPA, Turkiy xalqaro akademiya va Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi kabi tashkilotlar orqali O‘zbekistonning madaniy-gumanitar tashabbuslarini ilgari surish, ayniqsa, mamlakatimizning turkiy dunyodagi tarixiy rolini ta’kidlovchi loyihalarni amalga oshirish – tashqi siyosatimizning ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Bu faoliyat bejiz emas: qadimiy O‘zbekiston zaminida jahon sivilizatsiyasiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk olimlar, mutafakkirlar, yozuvchilar va ilohiyotshunoslar yashab o‘tgan. Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek va boshqalar tarixda muhrlanib qolgan, Alisher Navoiy ijodiy merosi esa bugungi kunda ham turkiy dunyoni birlashtiruvchi kuch bo‘lib xizmat qilmoqda.
2021-yil 31-martda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev TDTning norasmiy sammitida: “Xalqlarimizning dunyoviy fanlar rivojiga qo‘shgan bebaho hissasi va ularning boy madaniy merosini chuqur o‘rganish, keng targ‘ib qilish dolzarb masaladir,” deb ta’kidlagan edi. Shu davr mobaynida O‘zbekiston TDT Bosh kotibiyati bilan birgalikda qator yirik tadbirlarni o‘tkazdi: “Qo‘qon xonligining davlat boshqaruvi va turkiy xalqlar madaniy merosidagi o‘rni” mavzusidagi xalqaro konferensiya, 250 dan ortiq yosh tadbirkor ishtirok etgan 1-Turk davlatlari yosh tadbirkorlari forumi, Buxoroda o‘tkazilgan 4-Yoshlar yetakchilari forumi. Buxoro shu bilan birga turkiy dunyoning ilk yoshlar poytaxti deb e’lon qilindi. O‘zbekiston tashabbusi bilan turkiy dunyo birligini mustahkamlash yo‘lida Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofot ham ta’sis etildi.
2022-yil eng faol yillaridan biri bo‘ldi: O‘zbekiston o‘nlab yirik tadbirlarga mezbonlik qildi, jumladan, TDT Qishloq xo‘jaligi vazirlarining ilk uchrashuvi va Turk agroforumi. 2023-yil dekabrda esa “Jadidlar: milliy ong, mustaqillik g‘oyalari va davlatlilik” mavzusidagi xalqaro konferensiya yuksak saviyada tashkil etildi.
Toshkent bugun umumiy tarixiy ildizlar va boy madaniy merosga tayangan holda TDT a’zo davlatlari bilan ko‘p qirrali strategiyani olib bormoqda. Ta’lim, innovatsiya va turizm sohalarida loyihalarni rivojlantirishga intilmoqda. Bunga misol sifatida TDT doirasidagi Turkiy universitetlar ittifoqi va Orhun almashinuv dasturini keltirish mumkin. Bu kabi tashabbuslar akademik mobillik va ilmiy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Bugungi kunda TDTga a’zo mamlakatlar ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish uchun ulkan institutsional va amaliy salohiyatga ega. Madaniy-gumanitar tashabbuslar esa o‘z yutuqlarini dunyoga namoyon qilish, merosni asrash va ilgari surish, madaniy muloqot va bilim almashinuvi maydonini shakllantirish imkonini beradi. O‘zbekiston tomonidan ilgari surilayotgan tashabbuslar esa biror-bir ustunlik yoki “blokli ittifoqlar”ga intilish emas, balki yaratuvchanlikka yo‘naltirilgan. Bunday pragmatik va vazmin siyosat mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishda yangi ufqlarni ochadi, iqtisod, savdo, sanoat, investitsiya va biznes sohalarida o‘zaro manfaatli aloqalarni yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi.
Turk davlatlari tashkiloti doirasidagi davlatlararo munosabatlarning rivojlanishi shuni ko‘rsatadiki, etnik, til va geografik yaqinlik siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalarni mustahkamlash uchun muhim asosdir. Shu bois, mintaqa davlatlari savdo-iqtisodiy aloqalarni o‘rnatishga, bozorlarga kirish, tranzit va boshqa muhim masalalarda bir-biriga ko‘mak berishga harakat qilmoqda.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan TDT sammitlarida ilgari surilayotgan tashabbuslar, jumladan madaniyatimizni, bobokalonlarimizning butun turkiy dunyo faxri bo‘lmish bebaho merosini targ‘ib qilish yo‘lidagi intilishlar alohida e’tiborga loyiq. Jumladan, davlatimiz rahbari Jaloliddin Rumiy, Yunus Emro, Yusuf Xos Hojib, Nizomiy Ganjaviy, Maxtumquli, Firog‘iy va Boborahim Mashrab kabi buyuk shoirlarni eslab, ularning merosi barcha turkiy xalqlarning umumiy ma’naviy boyligi ekanini ta’kidladi.
Yaqinda Budapeshtda o‘tgan norasmiy sammitda so‘zlagan nutqida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev shunday dedi:
“Buyuk ajdodlarimizning jahon fan va madaniyatiga qo‘shgan ulkan hissasini chuqur o‘rganish va dunyoda keng targ‘ib etish – hammamiz uchun sharafli va mas’uliyatli vazifadir. Biz yosh avlod uchun ilm-fanni rivojlantirish va ta’lim imkoniyatlarini kengaytirishga intilamiz. Shu bois, Turk dunyosi Xartiyasida yuksak ma’naviy tamoyil – ‘Najot – faqat bilimda’ degan g‘oyani mustahkamladik.” Shuningdek, davlatimiz rahbari yangi tashabbuslarni ilgari surdi. Ulardan biri – Toshkentda Turk davlatlari xalqaro universitetini ochish. Bu dargohda turkiy davlatlardan yetakchi professorlar va olimlar faoliyat yuritadi, bu esa yoshlar uchun yangi imkoniyatlar va intellektual salohiyatni oshirishga xizmat qiladi.
Ahamiyatlisi, so‘nggi o‘n yilliklarda global madaniyat manzarasi keskin o‘zgarib, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishga bo‘lgan ehtiyoj oshdi. Bugun iqtisodiy va siyosiy kelishmovchiliklar ro‘y berayotgan global hamjamiyatda aynan madaniyat o‘zaro tushunishni kuchaytirish, xalqaro munosabatlarni yaxshilashda eng katta salohiyatga ega. Madaniy diplomatiya tamoyillarini ilgari surish davlatlararo aloqalarni mustahkamlash, barqaror rivojlanish, merosni asrash va bilim almashish, ijodiy taraqqiyot va o‘zaro tushunishni kengaytirishga xizmat qiladi.
Ranoxon Tursunova,
UMED dotsenti, tarix fanlari doktori
Saodat Gladkix,
O‘zbekistonning zamonaviy tarixi bo‘yicha metodik-koordinatsion markaz mustaqil tadqiqotchisi