Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi elchixonasi

O‘zbekistonda “Bolalarni har qanday zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirdi



2025-yil 15-maydan boshlab O‘zbekistonda “Bolalarni har qanday zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirdi. Ushbu normativ-huquqiy hujjat bolalarni himoya qilish bo‘yicha davlat tizimini huquqiy va institutsional jihatdan mustahkamlashda muhim burilish nuqtasiga aylandi.

O‘zbekiston 1992 yili BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyasiga qo‘shilgan va 1994 yili uni ratifikatsiya qilgan. Shundan buyon mamlakat har bir bola uchun xavfsiz va sog‘lom muhit yaratishga qaratilgan tadbirlarni izchil amalga oshirib kelmoqda. Qabul qilingan yangi qonun bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan davlat tizimini shakllantirishda asosiy bosqich bo‘ldi.

Qonun sohalar o‘rtasidagi hamkorlik va oldini olish tamoyillariga asoslangan bo‘lib, zo‘ravonlikning barcha shakllarini (jismoniy, ruhiy, iqtisodiy va hokazo), shuningdek, e’tiborsizlik va nohaq munosabatni huquqiy jihatdan aniq tarzda belgilab beradi. U uyda bo‘ladigan zo‘ravonlik, ta’lim muassasalaridagi bulling, ekspluatatsiya, shafqatsiz muomala, parvarishsizlik kabi turli xavf va tahdidlarni qamrab oladi. Bu bilan O‘zbekiston qonunchiligi bola huquqlarini himoya qilish bo‘yicha global muloqotga integratsiyalashmoqda. Bola huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyaning 19-moddasiga muvofiq, har bir davlat bolani jismoniy va ruhiy zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish uchun samarali va tegishli huquqiy, ma’muriy, ijtimoiy va ta’limiy choralar ko‘rishi shart.

Qonunning muhim jihatlaridan biri – bolalarni himoya qilish uchun mas’ul bo‘lgan subyektlar doirasining kengaytirilganidir. Ilgari bu vazifa asosan ota‑onalar va vasiylik organlariga yuklangan bo‘lsa, endi ta’lim, tibbiyot, huquqni muhofaza qilish muassasalari hamda mahalla tizimi ham ushbu jarayonga jalb etilmoqda. Bunday yondashuv Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan ishlab chiqilgan INSPIRE strategiyasiga mos bo‘lib, zo‘ravonlikni bartaraf etish bo‘yicha xalqaro tajribaga asoslangan. Ushbu strategiya bolalarga nisbatan zo‘ravonlikni tugatishga qaratilgan yettita asosiy yo‘nalishni o‘z ichiga oladi.

Qonunda nazarda tutilgan “Bolalikni himoya qilish uchun” ordeni – bola huquqlarini himoya qilish sohasida mehnat qilayotgan mutaxassislarning faoliyatini davlat tomonidan tan olish va qadrlashning yangi shakli hisoblanadi. Bu tashabbus BMTning YUNISEF tashkiloti tavsiyalariga mos bo‘lib, bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olishda faol mutaxassislarni rag‘batlantirish orqali ijtimoiy mas’uliyatni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Qonun shuningdek, zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalar uchun maxsus yordam va reabilitatsiya markazlarini tashkil etish, bola huquqlariga hurmat ruhida ta’lim berish dasturlarini ishlab chiqish hamda bolalar bilan ishlovchi mutaxassislarni doimiy ravishda malaka oshirish tizimini joriy etishni nazarda tutadi. Bu Jahon banki va YUNISEF tomonidan taklif qilingan bolalikni muhofaza qilish tizimini barpo etishdagi kompleks yondashuv talablariga to‘liq mos keladi.

Bu yondashuvda asosiy urg‘u quyidagilarga qaratiladi:

  • bolalar va ularning oilalari uchun ijtimoiy himoya, sog‘liqni saqlash, ta’lim va huquqiy yordam xizmatlarining mavjudligi;

  • bola huquqlarini himoya qilish sohasidagi turli sektorlar va muassasalar o‘rtasida samarali hamkorlik;

  • shaffoflik va javobgarlik, ya’ni tizim ishtirokchilari faoliyatining jamiyat oldida ochiqligi.

Bunday yondashuv BMTning Barqaror Rivojlanish Maqsadlarining 16-maqsadini ham qo‘llab-quvvatlaydi, u barcha darajalarda samarali, hisobdor va inklyuziv institutlarni barpo etishni nazarda tutadi.

Qonunda xalqaro mexanizmlarning O‘zbekiston an’analari va madaniy xususiyatlariga moslashtirilishiga alohida e’tibor qaratilgan. Mahalla faqatgina o‘zini o‘zi boshqarish shakli sifatida emas, balki ijtimoiy monitoring, profilaktika va javob choralari ko‘rishda muhim vosita sifatida qaraladi. Bunday yondashuv “global lokalizm”, ya’ni umuminsoniy standartlarni milliy kontekstda qo‘llash modeli sifatida tavsiflanadi. Bu, o‘z navbatida, BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi tomonidan ilgari surilgan, madaniy va ijtimoiy moslashuvchan huquqiy mexanizmlar zarurligini ta’kidlovchi pozitsiyaga mos keladi.

Shu tariqa, “Bolalarni har qanday zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishi – faqat normativ baza mustahkamlanishi emas, balki davlatning insonparvar, adolatli va xavfsiz jamiyat barpo etish yo‘lidagi siyosiy irodasini ifodalaydi. Ushbu hujjat Bola huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyaning 3-moddasida belgilangan “bola manfaatlari ustuvorligi” prinsipini amaliy jihatdan ta’minlash vositasiga aylanmoqda.

Ushbu qonunning qabul qilinishi O‘zbekistonning bolalar huquqlarini himoya qilish borasidagi xalqaro majburiyatlarga sodiqligini va global kun tartibida faol ishtirokini tasdiqlaydi. Qonun nafaqat himoya mexanizmlarini mustahkamlaydi, balki ularni jamiyatning kengroq ma’naviy va madaniy muhitiga integratsiya qiladi. Bu – har bir bola himoyalangan, eshitilgan va to‘liq huquq subyekti sifatida tan olingan kelajakni qurish yo‘lidagi muhim qadamdir.

Azizbek Toirov,
TDYU o‘qituvchisi



  ...