Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi elchixonasi

SHHT mamlakatlari moliya institutlari imkoniyatlari orqali kichik va o‘rta tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash



So‘nggi yillarda O‘zbekiston tashqi iqtisodiy siyosatda integratsiya jarayonlarini izchil davom ettirmoqda. Bu jarayonda Shanxay hamkorlik tashkiloti alohida strategik yo‘nalish sifatida namoyon bo‘lib, nafaqat siyosiy muloqot, balki moliya va investitsiya sohasida ham muhim maydonga aylanmoqda.

2024 yilda SHHT mamlakatlari bilan tovar aylanmasi 31 milliard AQSH dollariga yetib, 9,5 foiz o‘sish qayd etildi. Xitoy, Rossiya va Qozog‘iston asosiy sheriklar sifatida yetakchilik qilmoqda, shuningdek, Hindiston, Pokiston, Eron va Belarus bilan ham savdo aylanmasi barqaror o‘sishni ko‘rsatmoqda. Bu raqamlar kichik va o‘rta tadbirkorlik uchun yangi bozorlar ochilayotganini va hamkorlik geografiyasi kengayib borayotganini yaqqol ko‘rsatmoqda.

Biroq tashqi savdoni rivojlantirishning asosiy drayverlaridan biri — moliya institutlarining imkoniyatlaridan samarali foydalanishdir. Hozirgi kunda SHHT doirasida qator moliyaviy tuzilmalar faoliyati yuzasidan muzokaralar olib borilmoqda. Jumladan, SHHT Taraqqiyot banki va SHHT Investitsiya fondini tashkil etish bo‘yicha tashabbuslar ilgari surilgan, milliy banklar o‘rtasida hamkorlik platformalari va qo‘shma moliyaviy mexanizmlar esa bosqichma-bosqich rivojlantirilmoqda. Ushbu jarayonlar kichik va o‘rta biznes uchun qulay shart-sharoit yaratishga xizmat qiladi.

SHHT Taraqqiyot banki loyihasi mintaqaviy yirik infratuzilma tashabbuslarini moliyalashtirish bilan bir qatorda, kichik va o‘rta tadbirkorlik subyektlariga uzoq muddatli va imtiyozli kreditlar taqdim etish imkoniyatini nazarda tutadi. Shuningdek, SHHT Investitsiya fondi konsepsiyasi sanoat, qishloq xo‘jaligi, transport va logistika sohalarida qo‘shma loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan.

O‘zbekiston uchun bu imkoniyatlar ayniqsa dolzarb. Chunki so‘nggi yillarda mamlakatimizda kichik va o‘rta biznes iqtisodiyotning asosiy tayanchiga aylandi. 2023 yilda erkin iqtisodiy zonalarda joylashgan 589 ta korxona 3,3 milliard dollarlik mahsulot ishlab chiqardi, uning qariyb 20 foizi eksportga yo‘naltirildi. Mazkur ko‘rsatkichlarni yanada oshirish uchun SHHT moliya institutlari bilan samarali hamkorlik muhim ahamiyat kasb etadi.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi bu jarayonlarda bog‘lovchi ko‘prik sifatida harakat qilmoqda. Palata tadbirkorlarning xalqaro moliya institutlari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotini ta’minlash, moliyaviy resurslarga yetishishini yengillashtirish va transmilliy loyihalarda ishtirokini faollashtirishga yo‘naltirilgan qator tashabbuslarni amalga oshirmoqda. Shu bilan birga, SHHT makonida yagona sanoat standartlari, mahsulot sertifikatlash tizimi va raqamli savdo platformalarini joriy etish masalalarida ham faol ishtirok etmoqda.

Moliyaviy hamkorlik “yashil iqtisodiyot” sohasida ham yangi imkoniyatlar ochmoqda. Mintaqada ekologik barqarorlik, energiya samaradorligini oshirish, qayta tiklanuvchi manbalardan foydalanish — bugungi kunning asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. SHHT “yashil moliya” dasturlari tadbirkorlarga ekotexnologiyalar, resurs tejamkor ishlab chiqarish va innovatsiyalarga investitsiya jalb qilish imkonini bermoqda.

Kelgusida SHHT doirasida qo‘shma investitsiya fondlari, biznesni qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlari va tadbirkorlar uchun yagona moliya-axborot maydonlarini shakllantirish ko‘zda tutilmoqda. Bu kichik va o‘rta biznes uchun transmilliy hamkorlikka keng yo‘l ochib, ularning “Raqamli Ipak yo‘li” va boshqa yirik mintaqaviy tashabbuslarda faol ishtirokini ta’minlaydi.

Shu bois, SHHT mamlakatlari moliya institutlari imkoniyatlari — O‘zbekiston tadbirkorlari uchun katta strategik resursdir. Ularni to‘la ishga solish orqali nafaqat savdo aylanmasini ko‘paytirish, balki yangi ish o‘rinlari yaratish, yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni yo‘lga qo‘yish va mamlakat iqtisodiyotining barqaror rivojlanishiga hissa qo‘shish mumkin. Bugungi 31 milliard dollarlik savdo hajmi — faqat boshlanish, yaqin kelajakda bu ko‘rsatkichlarni yanada oshirish uchun moliya institutlari imkoniyatlarini keng qo‘llash asosiy vazifa bo‘lib qolmoqda.



  ...