Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi elchixonasi

MADANIY HAMKORLIK SAMARALARI



Umumiy tarixi, madaniy va ma'naviy qadriyatlari, an'ana va urf-odatlari bir-biriga chambarchas bog‘liq mamlakatlar bu shubhasiz O‘zbekiston va Qozog‘iston respublikalaridir. Ular eng yaqin, ishonchli va davr sinovidan o‘tgan hamkor davlatlardir. Bugungi murakkab zamonda bu ikki qondosh va jondosh qo‘shnilar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar dunyo hamjamiyatiga tinchlik va totuvlikning yorqin namunasi vazifasini o‘taydi.

Davlat rahbarlari o‘rtasidagi faol siyosiy muloqot tufayli barcha sohalarda katta muvaffaqiyatlarga erishilayotganini, keng ko‘lamli hamkorlik jadal sur'at bilan rivojlanib borayotganini alohida qayd etish kerak.

Buning yorqin namunasi bo‘lgan hukumatlararo bitimlar asosida madaniyat, sog‘liqni saqlash, fan, ta'lim, turizm va sport sohalarida yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik samaralari ham oshmoqda. Chunonchi, so‘nggi yillarda O‘zbekiston Madaniyat vazirligi mas'ul vakillarining Qozog‘istonga madaniy aloqalarni yanada mustahkamlash maqsadida muntazam tashrif buyurishi, o‘z navbatida Qozog‘iston tomonidan ham shunday nufuzli mas'ullarining mamlakatimizda bo‘lishi, davlatlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

O‘zaro madaniy aloqalarning namunasi sifatida 2022 yilning 25–30 aprel kunlari Xiva shahrida o‘tkazilgan “Lazgi” Xalqaro raqs festivalida Qozog‘iston vakillari ishtirok etishini misol keltirish o‘rinlidir. Xuddi shuningdek, o‘sha yili 20–23 noyabr kunlari Ostona shahrida O‘zbekiston madaniyat kunlari ham bo‘lib o‘tdi.

Bu kabi munosabatlar turkiy xalqlar birdamligi ramzi bo‘lgan TURKSOY tashkiloti tashkil etilgandan keyin yanada ko‘p qutbli ko‘rinish oldi. 2023 yilning 6–10 iyun kunlari Olmaota shahrida mazkur tashkilotning 30 yillik yubiley tantanasida O‘zbekiston madaniyat va turizm vaziri O. Nazarbekov boshchiligidagi delegatsiya va ijodiy guruh ishtirok etdi.

2023 yilning 18–19 iyun kunlari esa Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan TURKSOY tashkilotining 30 yillik yubiley tantanasida Qozog‘iston madaniyat va sport vaziri o‘rinbosari N. Daueshov boshchiligidagi delegatsiya va ijodiy guruh ishtirok etdi. Bundan tashqari, 2023 yilning 18–24 iyun kunlari O‘zbekistonning Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarida Qozog‘iston madaniyati kunlari tantanali tarzda o‘tkazildi. Unda Qozog‘iston madaniyat va sport vaziri A. Oralov boshchiligidagi delegatsiya va ijodiy guruh ishtirok etdi. Bu kabi o‘zaro manfaatli hamkorlikning amaliy natijalari keng ko‘lamli bo‘lib, ikki qardosh xalq o‘rtasida tarixiy rishtalarning mustahkamlanishiga xizmat qilib kelmoqda.

Ma'lumki, bu ikki qardosh xalqlarning bir-biridan o‘rganadigan jihatlari juda ko‘p. Masalan, madaniy hayotda teatr, kino, milliy etnografik qo‘shiq va maqomlar bo‘lsin, xalq og‘zaki ijodidan tortib bugungi kunda milliy qo‘shiqchilik san'atlari rivoji o‘zaro hamkorlikda rivojlanmoqda va zamonaviy ko‘rinish olmoqda.

2024 yilning 25–30 aprel kunlari Xiva shahrida tashkil etilgan “Lazgi”, 27–30 iyun kunlari Zomin tumanida tashkil etilgan “Maqom san’ati” festivallarida Qozog‘iston vakillari ishtirok etdilar. Faol siyosiy muloqot tufayli barcha sohalarda katta muvaffaqiyatlarga erishilgani, keng ko‘lamli hamkorlik jadal sur'at bilan rivojlanib borayotgani alohida qayd etildi. Xuddi shuningdek, 2024 yilning 6–9 avgust kunlari O‘zbekiston Prezidentining Qozog‘istonga davlat tashrifi doirasida Ostona shahrida “O‘zbekiston madaniyati kunlari” tashkil etildi. Tadbirlar doirasida O‘zbekiston tasviriy va amaliy san'at ko‘rgazmasi hamda o‘zbek kino kunlari o‘tkazildi.

2024 yilning 26–30 avgust kunlari Samarqand shahrida o‘tkazilgan “Sharq taronalari” xalqaro festivalida Qozog‘iston vakillari ishtirok etdilar.

2025 yilning 26–28 aprel kunlari Xiva shahrida o‘tkazilgan Ikkinchi turkiy dunyo madaniyat forumida va To‘rtinchi xalqaro baxshichilik san'ati festivalida Qozog‘iston vakillari qatnashganligi, shu yilning 18–22 sentyabr kuni O‘zbekiston davlat musiqali komediya (operetta) teatri Qozog‘istonda gastrol safarida bo‘lishi ham ikki qardosh xalq madaniy hamkorligining yuksak namunasi sifatida madaniy hayotimizni bezab turibdi.

O‘zaro hamkorlikning yana bir qutubi hukumatlararo bir-biriga madaniy-gumanitar yordam ko‘rsatishdir. Xuddi shunday amaliy munosabatlar sahifalarida “Markaziy Osiyo tarixi va madaniyati: yagona tarix va umumiy kelajak” xalqaro media-platformasini ishlab chiqish, ikki davlat allomalari va tarixiy shaxslarining yubileylarini o‘zaro nishonlashdir.

Ayni paytda tomonlar o‘rtasida bu kabi manfaatli munosabatlar ko‘lami yanada kengayib bormoqda va bu, shubhasiz, O‘zbekiston va Qozog‘iston xalqlarining yaxshi qo‘shnichilik, tinchlik, totuvlik, bag‘rikenglik timsoli sifatida uzoq yillar davomida dunyo xalqlariga o‘rnak bo‘lib xizmat qiladi.



  ...