Azal-azaldan yurtimizda mahalla xalq fikri shakllanadigan, aholining muammolari hal etiladigan, an’analar yaratiladigan muhim maskan bo‘lib xizmat qilgan.
O‘zbekistonda mahalla faoliyatining asosiy tamoyillari – qonuniylik, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi, demokratiya, oshkoralik, ijtimoiy adolat, mahalliy ahamiyatga ega masalalarni mustaqil hal etish, jamoaviy o‘zaro yordam, ijtimoiy hamkorlik, mahalliy urf-odatlar va an’analarni inobatga olish hisoblanadi. Fuqarolar jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, o‘zini o‘zi boshqarish huquqiga teng darajada egadirlar.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarishi – demokratiyaning ajralmas qismi hisoblanadi. Shu sababli, kuchli huquqiy davlat va adolatli fuqarolik jamiyatini shakllantirish yo‘lidan dadil bormoqda bo‘lgan mamlakatimizda mahalla demokratik boshqaruv tizimi sifatida o‘z o‘rni va ahamiyatini oshirib bormoqda. Bu boradagi maqsad va vazifalar Prezidentning 2020-yil 18-fevraldagi “Jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda oilalar va ayollar bilan ishlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan. O‘tgan davrda “mahalla – sektor – Xalq qabulxonasi – mahalla” tamoyili asosida aholining muammolarini aniqlash va hal etish bo‘yicha samarali hamkorlik tizimini joriy etish, mahallani fuqarolar va davlat o‘rtasidagi ishonchli ko‘prik sifatida shakllantirish yo‘lida kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Mahalla institutining rivojlanishi haqida so‘z yuritilar ekan, Prezident tomonidan ilgari surilgan “mahallabay” tizimi alohida ta’kidlanishi lozim. Bu tizimga ko‘ra, har bir mahalla fuqarolari yig‘inida tijorat banklari, mahalla raislari, sektor rahbarlari, bandlik va mehnat munosabatlari, soliq, moliya, iqtisodiy rivojlanish va qashshoqlikni qisqartirish sohalari vakillari yaqin hamkorlikda ishlaydi. Ular birgalikda har bir oilaning holatini o‘rganib, muammolarni hal qilish bo‘yicha “yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqadilar. “Mahallabay” tizimi uch bosqichda amalga oshiriladi.
Davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish jarayonida mahallaning jamiyat hayotidagi rolini oshirish muhim o‘rin tutadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, zamonaviy mahalla faqat huquqiy asoslargagina emas, balki o‘z vazifalarini samarali bajarish uchun yetarli moddiy-texnik bazaga ham ega bo‘lishi, xalq va davlat o‘rtasidagi ko‘prik bo‘lishi, odamlarning shodlik va tashvishlaridan doim xabardor bo‘lishi zarur.
Bugungi kunda mahallaning mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotidagi rolini oshirish masalasi diqqat markazida. Aholini ko‘proq o‘ylantirayotgan ijtimoiy muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish maqsadida mahalla raislari tomonidan muhokamalar o‘tkazish, mahalla kengashida tegishli davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining hisobotlarini eshitish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. “Mahalla nazorati” va “mahalla raisining so‘rovi” institutlari ham joriy etildi.
Bugun aytish mumkinki, mahalla har qanday muammoni hal eta oladigan, fuqarolarni to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltira oladigan kuchli ijtimoiy kuchga aylandi. Sohada fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini tartibga soluvchi mustahkam me’yoriy-huquqiy baza mavjud bo‘lib, ularga katta mas’uliyat yuklatilgan. Xususan, kam ta’minlangan oilalarga yordam ko‘rsatish, voyaga yetmagan farzandlari bo‘lgan oilalarga nafaqa tayinlash va to‘lash, aholining ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy rivojlanishini ta’minlash, yuzaga kelgan nizolarni yumshatish masalalari mahalla zimmasiga yuklatilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek:
“Bugun bu yo‘nalishning mantiqiy davomi sifatida biz Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasini ishlab chiqdik. Unda xalqchil va insonparvar davlat qurish, har bir fuqaromizning millati, tili va dinidan qat’i nazar, ularning qonuniy manfaatlari va farovonligini ta’minlash, erkin fuqarolik jamiyatini rivojlantirish asosida, qisqacha aytganda, ‘Inson qadri uchun’ ustuvor tamoyilimizni hayotga to‘liq tatbiq etish vazifalari belgilangan. Endilikda biz o‘z faoliyatimizni ‘inson – jamiyat – davlat’ tamoyili asosida tashkil etamiz.”
“Mahalla” arab tilidan tarjima qilinganda “joy” yoki “hudud” degan ma’nolarni anglatadi. Mahalla – kichik aholi punktlari yoki shaharlardagi ma’lum qismlarni qamrab oluvchi hududiy jamoaviy birlashmadir. U aholiga yaqin hokimiyatni ta’minlaydi, ijtimoiy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi. Kam ta’minlangan oilalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, ko‘p farzandli oilalar va boshqa ijtimoiy zaif guruhlarga yordam beradi. Fuqarolarga hujjatlarni rasmiylashtirishda, xayriya tadbirlarini o‘tkazishda ko‘maklashadi. Mahalla instituti – mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish va fuqarolar bilan davlat organlari o‘rtasidagi aloqani ta’minlovchi noyob ijtimoiy va ma’muriy tuzilmadir. Ko‘pincha mahallalar madaniy, ta’limiy va sport tadbirlarini o‘tkazish joylariga aylanadi va bu orqali jamoaviy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi. Shuningdek, mahalla hududlarni obodonlashtirish, ekologiyani muhofaza qilish, ijtimoiy obyektlar qurish va ta’mirlash ishlari bilan ham shug‘ullanadi. So‘nggi yillarda mahallaning mahalliy boshqaruvdagi roli yanada kuchaytirildi, bu esa hududlarda hayot sifatini oshirishga qaratilgan islohotlar maqsadlariga uyg‘un keladi.
Mahalla – mamlakatda yoshlarga oid siyosatning bevosita ishtirokchisi hisoblanadi. Prezident tashabbusi bilan mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimi tubdan takomillashtirildi. “Yoshlar daftari” va “Yoshlar portali” elektron platformalari faoliyati yo‘lga qo‘yildi, rahbarlarning yoshlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotini tashkil qilish mexanizmlari joriy etildi. Mahallalarda yoshlar yetakchisi lavozimi joriy qilindi, ular Prezidentning bevosita vakili sifatida faoliyat olib bormoqda. Ishlar “mahalla – tuman – viloyat – respublika” zanjiri bo‘yicha amalga oshiriladi, bu tizimni yanada mukammal va samarali qiladi.
Respublikadagi har bir mahallada yoshlar dasturlari tasdiqlangan bo‘lib, unda yoshlarning ko‘targan muammolari va takliflari o‘z ifodasini topgan. Ushbu dasturlar yoshlarning bandligini ta’minlash va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish masalalarini hal etishga qaratilgan.
Mahallalar Prezidentning beshta muhim tashabbusini amalga oshirish orqali yoshlarga alohida e’tibor qaratmoqda. Hunarmandchilik va tikuvchilik bilan shug‘ullanish, ekologik madaniyat va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish kabi yo‘nalishlarga yoshlar faol jalb qilinmoqda. Aholi va o‘quvchilar uchun muntazam ma’rifiy tadbirlar, bolalar uchun interaktiv o‘yinlar, fuqarolar uchun maxsus yig‘ilishlar tashkil etilib, ekologik tadbirlar va turli sohalardagi innovatsiyalar tanishtirilmoqda hamda foydali huquqiy ma’lumotlar berilmoqda.
Mahallaning yana bir muhim faoliyat yo‘nalishi – ayollar huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni kasb-hunar o‘rganishga va tadbirkorlikka jalb qilishdir. Shu maqsadda “Ayollar daftari” joriy etilgan bo‘lib, unda ijtimoiy jihatdan qiyin ahvolda bo‘lgan xotin-qizlarga ko‘mak berish ko‘zda tutilgan. Mahallalarda ushbu ro‘yxatdagi ayollar bilan ishlashda ularning bandligini ta’minlash, o‘z-o‘zini band qilish, uy-joy ijarasi uchun kompensatsiya to‘lash, moddiy, tibbiy, huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Yangi O‘zbekistondagi islohotlarning hozirgi bosqichidagi strategik vazifalar demokratik davlat qurishga qaratilgan. Mahalla esa fuqarolarning ijtimoiy faolligini qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini mustahkamlash, sog‘lom va barqaror ijtimoiy-ma’naviy muhitni ta’minlashga qaratilgan tashkiliy-huquqiy mexanizmlarni tubdan isloh qilishda muhim rol o‘ynamoqda. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining samarali faoliyati esa keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirish jarayonida odamlarning ongli va faol ishtirokini ta’minlaydigan omillardan biridir.
Diloramhon Qambarova,
Farg‘ona davlat universiteti professori,
dotsent, pedagogika fanlari nomzodi