Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi elchixonasi

Markaziy Osiyoda suv diplomatiyasi



Suv tanqisligi nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyoda tobora dolzarb muammoga aylanib bormoqda. Iqlim o‘zgarishi, zamonaviy ekologik inqiroz va tabiiy omillarga bog‘liq bo‘lmagan holatlar hayot manbai bo‘lgan suvning qadriyatini oshirib, uni asrash bo‘yicha ongli va maqsadli harakatlarni talab qilmoqda. Shu munosabat bilan davlatlar, jahon hamjamiyati va nufuzli xalqaro tashkilotlar hayot manbaini asrashga qaratilgan aniq choralarni ishlab chiqmoqda. Bugun zarur choralarni ko‘rmasak, ertaga ijobiy natijalarga erishish mushkul bo‘ladi.

2030-yilga borib O‘zbekistonda suv tanqisligi 15 milliard kub metrga yetishi mumkin. Suv resurslarining asosiy qismi qo‘shni davlatlardan kirib keladi. Yiliga yog‘adigan yog‘in miqdoriga qarab mamlakat hududida shakllanadigan suv atigi 15–20 foizni tashkil etadi. Mintaqada yog‘in miqdorining kamayishi natijasida yirik va kichik daryolar, irmoqlarda suv hajmi yildan-yilga kamaymoqda. Bu holatni tushunish qiyin emas: ilgari har yili foydalanilgan 60–64 milliard kub metr suv o‘rniga hozirda atigi 51–53 milliard kub metr suv bilan ta’minlanyapti.

Shu bilan birga, so‘nggi yillarda Prezidentimizning oqilona va pragmatik siyosati natijasida mintaqa davlatlari o‘rtasida transchegaraviy suv resurslarini boshqarish o‘zaro hurmat va yaxshi qo‘shnichilik asosida amalga oshirilmoqda. Bu esa yillar davomida to‘planib qolgan muammolarni yengil hal qilish imkonini bermoqda.

Qo‘shni davlatlar bilan transchegaraviy suvlar va xalqaro obyektlardan birgalikda foydalanish, ularni integratsiyalashgan boshqarish bo‘yicha ikki va ko‘p tomonlama samarali hamkorlik izchil davom etmoqda. Jumladan, o‘tgan yili qator muhim uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi, ma’lum kelishuvlarga erishildi.

Davlatlararo Suv xo‘jaligi muvofiqlashtiruvchi komissiyasi yig‘ilishlarida Amudaryo va Sirdaryo havzalarida vegetatsiya va kuz-qish mavsumlari uchun suv olish limitlari taqsimoti, transchegaraviy suv resurslaridan foydalanish, shuningdek, dolzarb masalalar muhokama qilinmoqda.

2024–2025 yillarda O‘zbekiston Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Turkmaniston bilan ikki tomonlama ishchi guruhlar va komissiyalar doirasida transchegaraviy suv resurslaridan oqilona foydalanish, suv obyektlaridan foydalanish, ularni avtomatlashtirish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishdi. 2024-yil iyun oyida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Tojikiston o‘rtasida Bahri Tojik suv ombori ish tartibini kelishish bo‘yicha uch tomonlama bayonnoma imzolandi va vegetatsiya davrida Toshkent, Sirdaryo va Jizzax viloyatlari uchun qo‘shimcha bir milliard kub metrdan ortiq suv olindi.

Surxondaryo viloyatida Tojikiston bilan chegara hududida joylashgan Katta G‘issar kanali tozalanib ta’mirlangach, har yili o‘rtacha 350 million kub metr suv yetkazib berish imkoniyati yaratiladi.

O‘zbekiston–Turkmaniston hukumatlararo qo‘shma komissiyasi doirasida ijobiy yechimlar natijasida Tuyamuyin suv omborida besh milliard kub metrdan ortiq suv to‘plandi, bu esa oldingi yillarga nisbatan 500 million kub metrga ko‘proqdir.

Qozog‘iston bilan yaqin aloqalar natijasida o‘tgan yili ekologik ahvolni yaxshilash maqsadida Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimiga Shardara suv omboridan 700 million kub metr suv tashlandi, 2024-yil dekabr oyida esa qo‘shimcha 1,4 milliard kub metr suv olindi. Bugungi kunda kollektorlar orqali bu ko‘llar tizimiga sutkasiga 5,5–6 mln kub metr suv, ya’ni yiliga o‘rtacha 3,5 milliard kub metr suv kirib kelmoqda.

2024-yil 5-yanvarda qabul qilingan Prezident qaroriga binoan tumanlarda “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasalari tashkil etildi. Dehqon va fermer xo‘jaliklarini suv bilan ta’minlash uchun mahalliy Kengashlar tomonidan irrigatsiya uchun suv olish limitlari suv manbalarining holatidan kelib chiqib belgilanmoqda.

Sug‘orishda suv tejovchi texnologiyalar joriy etilganda yoki suv o‘lchov asboblari asosida suv hajmi aniqlanganda suv solig‘i stavkasiga 0,5 kamaytiruvchi koeffitsiyent qo‘llaniladi; faqat bitta omil mavjud bo‘lsa – 0,7; agar har ikkalasi ham mavjud bo‘lmasa, 1,1 ko‘paytiruvchi koeffitsiyent qo‘llaniladi.

Shunga asoslanib, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish va suv olish nuqtalarini suv o‘lchov asboblari bilan jihozlash ahamiyatini tushuntirish bo‘yicha hududlarda fermalar va dehqonlar o‘rtasida targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. 2023-yilda “Suv yetkazib berish xizmati” orqali iste’molchilarga 26,2 milliard kub metr suv yetkazib berildi. Shundan 22,2 milliard kub metri daryo va kanallardan, 1,7 milliard kub metri kollektor-drenaj tarmog‘idan olindi. Yerlarni yuvish uchun 2,3 milliard kub metr suv ishlatildi.

2023-yilda suv resurslarining hisobini yuritish natijasida soliq organlariga suv iste’moli bo‘yicha hisobotlar taqdim etildi. Fermer va agrokasbiy klasterlar tomonidan foydalanilgan suv hajmi 8,6 milliard kub metrni tashkil qildi. 2024-yilda bu ko‘rsatkich 1,7 barobarga oshib, 14,3 milliard kub metrdan oshdi.

Yana bir muhim jihat: mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orishda 165,6 ming km irrigatsiya tarmoqlari mavjud. Shundan 28,7 ming km magistral, tumanlararo va xo‘jaliklararo kanallar, qolgan 136,9 ming km esa ichki xo‘jalik tarmoqlari hisoblanadi.

2023-yilda magistral tarmoqlarning 10,7 ming km, ya’ni 38 foizi beton qoplamali edi. Shu bois, 2023-yil 29-noyabrda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida 2024-yil irrigatsiya kanallarini betonlash yili deb e’lon qilindi. Davlat byudjetidan 700,5 mlrd so‘m, xalqaro moliyaviy institutlardan 19 mln dollar yo‘naltirildi. 437,3 km kanal byudjet mablag‘lari hisobidan, 48,2 km esa xalqaro mablag‘lar hisobidan betonlandi.

Prezident raisligida 2024-yil 7-noyabrda o‘tkazilgan yig‘ilishda suv va energiya resurslarini oqilona foydalanish, yo‘qotishlarni kamaytirish chora-tadbirlari belgilandi va “Suv yetkazib berish xizmati”ga tegishli irrigatsiya tarmoqlarini betonlash uchun 80 mlrd so‘m ajratildi. 9,2 ming tonna sement 6,4 mlrd so‘mga xarid qilindi. 2,7 ming km ichki xo‘jalik tarmoqlari betonlandi.

Fermer va klaster korxonalar ham o‘z hududlarida tarmoqlarni betonlash ishlarini jadallashtirdi. 2024-yilda ular 13,3 ming km ichki tarmoqlarni betonladi. Joriy yilda 15 ming km betonlanishi rejalashtirilgan, 6,8 ming kmda ishlar allaqachon yakunlangan.

Natijada o‘tgan yili 8 mlrd kub metr suv tejab qolindi va takroriy ekinlar suv bilan kafolatli ta’minlandi.

Qishloq xo‘jaligi – suv va energiya iste’moli eng yuqori soha hisoblanadi. Ayniqsa, nasos stansiyalari salmog‘i katta. Shuning uchun 2025-yil nasos stansiyalari samaradorligini oshirish yili deb e’lon qilindi.

Oxirgi besh yilda suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha qator imtiyozlar berildi. 2019-yilgacha bu texnologiyalar 28 ming gektar (1%) maydonda joriy etilgan bo‘lsa, bugungi kunda bu ko‘rsatkich 1,9 million gektar, ya’ni 46 foizga yetdi. 2017–2024 yillarda 560 ming gektarda tomchilatib, 90 ming gektarda yomg‘irlatib, 59 ming gektarda uzlukli sug‘orish texnologiyalari joriy etildi. 1,1 million gektar yer lazer yordamida tekislandi.

Suv muammosi ustuvor masala bo‘lgani uchun samarali foydalanishni targ‘ib qilish ishlari hech bir daqiqa to‘xtamasligi lozim. Bu borada “Suvchilar maktabi” loyihasi bilan birga, OTMlar va fermer xo‘jaliklarida dala amaliyoti shaklida namoyish uchastkalari tashkil etish dolzarb bo‘ldi.

2030-yilgacha beton qoplamali kanallar ulushi 46 foizga yoki 13,2 ming kmga, suv tejovchi texnologiyalar bilan qamrab olingan yerlar maydoni esa 2 mln gektarga yetkazilishi rejalashtirilgan. 1,35 trln so‘m hisobidan 586,5 km kanal, 21 km lotok tarmog‘i, 45,3 km yopiq quvurlar, 167,9 km ochiq kollektorlar, 109,5 km yopiq drenaj, 570,4 km magistral kanallar va 15 ming km ichki xo‘jalik tarmoqlari betonlanadi. Suv tejovchi texnologiyalar bilan qamrov 55%ga yoki 2,4 mln gektarga yetadi.

Natijada yil yakuniga qadar sug‘orish tizimlari samaradorlik koeffitsiyenti 0,67 dan 0,68 ga oshadi va qishloq xo‘jaligida 10 milliard kub metr suv tejab qoladi.

Shavkat Hamrayev,
O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri



  ...